“Ustoz AI” loyihasi — yoshlarning zamonaviy kasblar va fanlarni bepul oʻrganishi uchun imkoniyat yaratmoqda!

Loyiha yoshlarga zamonaviy kasblar va fanlarni bepul oʻrgatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan.

Yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadigan “Ustoz AI” (www.ustoz.ai) loyihasining keng qamrovli taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda loyihaning 10 dan ortiq ustozlari tomonidan master klasslar tashkil etildi. Taqdimot marosimiga oflayn shaklda 1000 dan ortiq faol yoshlar, yirik tadbirkorlar, blogerlar, davlat tashkilotlari vakillari va onlayn shaklda 200 ta tumandan 10 000 dan ortiq yoshlar ishtirok etdilar. Mazkur loyiha 2 milliondan ortiq yoshlarimizga zamonaviy kasblar va fanlarni bepul oʻrgatishni, tashqi mehnat migratsiyasini 10-30% ga diversifikatsiya qilishni maqsad qilgan boʻlib, yoshlar orasida katta qiziqish va umid bilan kutib olindi.
Tadbirning ochilish marosimida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev va "Turonbank" ATB boshqaruv raisi Chori Mirzayev soʻzga chiqib, ushbu loyihaning ahamiyati va imkoniyatlari haqida toʻxtalib oʻtdilar. Ular oʻz nutqida “Ustoz AI” loyihasining yoshlarni bilimli va malakali mutaxassis boʻlishida, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashida kuchli asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladilar. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizning rivojlanishida muhim qadam boʻladi. Loyiha rahbari Orian-MehrojRashidov yoshlarga loyihaning natijalari, rejalari va maqsadlari boʻyicha taqdimot qildi va qoʻyilgan maqsadga jamoatchilikni yordamisiz erishib boʻlmasligini taʼkidladi hamda jamoatchilikni hamkorlikda ishlashga taklif qildi.
“Ustoz AI” loyihasi doirasida hozirgi kunga qadar 20 ga yaqin sohalarni
●PR
●HR
●video-montaj
●mobilografiya
●targeting
● no code (IT, saytlar yaratish)
●arxitektura
●matematika
● biologiya va boshqa kasb va fanlarni
qamrab oluvchi 350 dan ortiq videodarsliklar yaratildi. Bugungi kungacha 70 mingdan ortiq yoshlar loyiha doirasida bepul bilim olishni boshlashdi. Bu raqamlarning kun sayin oshib borishi loyihaning yoshlar orasida ommalashib borayotganini koʻrsatadi va uning muvaffaqiyatidan dalolat beradi.
Tadbir davomida Yoshlar ishlari agentligi va “Turonbank” ATB oʻrtasida oʻzaro samarali hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash maqsadida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Bu esa loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning yanada kengayishiga zamin yaratadi.
Bepul darslarni loyihaning YouTube (https://www.youtube.com/@UstozAI/featured) va telegram (http://t.me/ustozai) sahifalarida muntazam chiqarib turiladi.
“Ustoz AI” loyihasi chekka hududlardagi va pullik kurslarga mablagʻi boʻlmagan yoshlarimiz uchun bilim olishda yangi qadam boʻlib, ularning kelajakka ishonch bilan qarashlariga yordam beradi. Bu loyiha orqali yoshlar nafaqat yangi bilimlarga ega boʻladilar, balki zamonaviy texnologiyalar va kasblarni oʻrganadilar.
Taqdimot marosimining qaynoq haroratini ushbu havola orqali koʻrishingiz mumkin: https://youtube.com/live/OVFQLUwUaws