Ahmat Melibayev

Ustoz


Tadbirkorlikka men 11 yoshimda kirib kelganman — Qo‘qonda yashardim, avtobusda Toshkentga “Ippodrom” bozoriga borib, u yerda tovar sotib olardim va ularni Farg‘ona viloyati shaharlarida sotardim. Maktabni tugallab, bir do‘stimning magazinida ishladim, bu 1996−1997 yillar bo‘lib, o‘shanda endi-endi dastlabki tijorat do‘konlari paydo bo‘layotgan edi.

Keyin ko‘p boshqa ishlar bo‘ldi, 2005 yili Paynet’da ishlay boshladim. Uch yillik mehnatdan keyin hududiy vakil bo‘ldim, 3000 ta savdo nuqtasi bilan ishladim. Men u vaqtlarda qahvaxonalarga borish va u yerda ish qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘rishni juda yaxshi ko‘rardim, shunday qilib tez orada Qo‘qonda fastfudning birinchi nuqtasini ochishga qaror qildim. U vaqtda bu ish yangilik edi va ishlarim juda yahshi yurishdi.
Undan so‘ng Gangada fastfudxona ochdim, biroq u tez yopildi. Yana keyinroq taomlarni yetkazib berish servisi, uning nomi ham yo‘q edi, biz shunchaki bozordagi sotuvchilarga va katta kompaniyalarga tushlik yetkazib berardik.
Bulardan keyin jiddiyroq ishga qo‘l urgim keldi. 2014 yili Toshkentning hech bir joyida tolqonga bulab pishirilgan tovuq go‘shti yo‘q edi, to‘g‘ri, raqobatchilar topilardi, masalan, u vaqtlarda boshqacha atalgan Big Burger va Evos.
Biz “Oybek” metro bekati tartafda bino topdik va sakkiz oy davomida mustaqil ravishda taomnoma ishlab chiqdik. Bu vaqt mobaynida men chamasi bir tonna tovuq go‘shti yegandirman — biz professional oshpaz yoki texnologlarni jalb etmagandik va sous hamda boshqa kerakli hamma narsani o‘zimiz ishlab chiqdik.